“Ilm Sarchashmalari” jurnali haqida qisqacha ma'lumot
“Ilm sarchashmalari” jurnali 2001-yildan al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti muassisligida nashr qilina boshlagan. Shu yili jurnal har uch oyda bir marta, ya’ni yiliga 4 marta nashr qilingan. Jurnalni yiliga 4 marta nashr qilish to 2009-yilgacha davom etgan.
2009 ‒ 2010-yilari jurnal har ikki oyda bir marta nashr qilina boshladi. 2012-yildan jurnal, dastlab, A-5 formatda har oyda bir marta nashr qilina boshladi. Hozirda jurnal A-4 formatda har oyda bir marta 200 sahifada chop etilmoqda.
Dastlab, jurnalda tabiiy fanlar, aniq fanlar va ijtimoiy-gumaitar fanlar bo‘yicha turli mavzularda maqolalar chop qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda jurnalda “Fizika-matematika”, “Falsafa”, “Tilshunoslik”, “Adabiyotshunoslik”, “Pedagogika”, “Axborot texnologiyalari”, “Jurnalistika”, “Ilmiy axborot”, “Fanimiz zaxmatkashlari” “Tanqid va taqriz” kabi qator ruknlar ostida maqolalar chop qilinmoqda.
2009-yilning oktabr oyigacha jurnalga filologiya fanlari doktori, professor Jumaboy Yusupov muharrirlik qilgan. Uning vafotidan keyin filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ro‘zimboy Yo‘ldoshev jurnal bosh muharriri qilib tayinlandi.
O‘tgan yillar davomida jurnal tahrir hay’ati tarkibi ancha mustahkamlandi. Ayni paytda tahrir hay’atida 25 nafar fan doktori, 8 nafar fan nomzodi, dotsentlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Jurnal Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining FILOLOGIYA, FALSAFA, FIZIKA-MATEMATIKA hamda PEDAGOGIKA fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrdir.
Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020-yil 11-noyabrda ro‘yxatdan o‘tgan GUVOHNOMА № 1131.
Jurnalning geografiyasi ancha kengaygan. Hozirda unda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi ilmiy muassasalar, ilmiy tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari tadqiqotchilarining turli mavzudagi maqolalari shuningdek, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarusiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Polsha va Litva kabi mamlakat tadqiqotchilarining ham maqolalari chop qilinib kelinmoqda.