Jurnal
Jurnal haqida
“Ilm sarchashmalari” ilmiy-nazariy, metodik jurnali 2001-yildan Urganch davlat universiteti muassisligida nashr qilina boshlagan. Dastlab jurnal har uch oyda bir marta, ya’ni yiliga to‘rt marta chop etilgan va mazkur davriylik 2009-yilgacha davom etgan.
2009–2010-yillarda jurnal har ikki oyda bir marta nashr etila boshlandi. 2012-yildan boshlab esa dastlab A5 formatda har oyda bir marta chop etish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunda jurnal A4 formatda, har oyda bir marta, 250 sahifa hajmida nashr etilmoqda.
Ilmiy yo‘nalishlar
Jurnal faoliyatining dastlabki yillaridan boshlab tabiiy, aniq hamda ijtimoiy-gumanitar fanlarning turli yo‘nalishlariga oid ilmiy maqolalarni chop etish yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda jurnalda “filologiya, falsafa, fizika-matematika hamda pedagogika fanlari hamda Fanimiz zahmatkashlari”, “Tanqid va taqriz” kabi qator ruknlar ostida ilmiy maqolalar e’lon qilinmoqda.
Tahririyat tarixi va ilmiy salohiyati
2009-yil oktabr oyigacha jurnalga filologiya fanlari doktori, professor Jumaboy Yusupov muharrirlik qilgan. Uning vafotidan so‘ng filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ro‘zimboy Yo‘ldoshev jurnal bosh muharriri etib tayinlangan.
O‘tgan yillar davomida jurnalning ilmiy salohiyati va tahririy faoliyati izchil rivojlanib, tahrir hay’ati tarkibi yanada mustahkamlandi. Bugungi kunda tahrir hay’ati safida, asosan, fan doktorlari va professorlar faoliyat yuritib, jurnalning ilmiy saviyasi va akademik nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mazkur rivojlanish jurnal faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, chop etilayotgan ilmiy maqolalar sifatini yanada takomillashtirish hamda mualliflar uchun zamonaviy va qulay ilmiy platforma yaratishga xizmat qilmoqda.
OAK ro‘yxatidagi ilmiy nashr
“Ilm sarchashmalari” jurnali O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan filologiya, falsafa, fizika-matematika hamda pedagogika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashr hisoblanadi.
Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020-yil 11-noyabrda ro‘yxatdan o‘tgan. Guvohnoma № 1131.
Jurnalning ilmiy geografiyasi
Jurnalning ilmiy geografiyasi yildan-yilga kengayib bormoqda. Bugungi kunda uning sahifalarida O‘zbekistonning barcha hududlaridagi ilmiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari olimlari hamda tadqiqotchilarining dolzarb ilmiy mavzulardagi maqolalari muntazam chop etib kelinmoqda.
Shuningdek, jurnal xalqaro ilmiy hamkorlik maydonida ham o‘z faoliyatini kengaytirib bormoqda. Jurnal sahifalarida Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Polsha va Litva kabi davlatlarning olim va tadqiqotchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy maqolalar ham e’lon qilinmoqda.
Xalqaro ilmiy hamkorlikning kengayishi jurnalning akademik qamrovi, ilmiy salohiyati va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.